Yangilangan: 20.03.2024

Rasmiy munosabat

Joriy yilning 27 may kuni https://t.me/eltuz2022/21209 telegram kanalida ““Garant bank” raisi xodimlarni dam olish kunlari ishlashga majburlamoqda” mavzusida post qoldirilgan.

Unda yozilishicha, Bank raxbariyati xodimlarni dam olish kunlari muddati o‘tgan kredit qarzdorliklarini undirish bo‘yicha ishlashga majburlab kelgan. Manbaaning yozishiga ko‘ra, kredit undiruviga xodimlarni jalb qilish jarayoni ularning ixtiyoriga qarshi amalga oshirilgan bo‘lib, bu holat majburiy mehnat sifatida ko‘rilishi mumkin.

“Garant bank” AJ mazkur post yuzasidan quyidagilarni ma'lum qiladi:

 O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi (yangi tahrirda)ning 5-moddasi to‘rtinchi qismiga ko‘ra, majburiy mehnat biror-bir jismoniy shaxsdan jazoni qo‘llash tahdidi ostida talab etiladigan, bajarilishi uchun ushbu shaxs ixtiyoriy ravishda o‘z xizmatlarini taklif qilmagan har qanday ishni yoki xizmatni anglatadi. Jazo deganda jismoniy shaxsning ixtiyoriy roziligi mavjud bo‘lmagani holda, ushbu shaxsga nisbatan uni mehnat faoliyatini amalga oshirishga majbur qiladigan har qanday moddiy, jismoniy yoki ruhiy ta'sir choralarini qo‘llash yoki qo‘llash tahdidi tushuniladi.

“Garant bank” AJ Boshqaruvining 2023 yil 04-11/24-sonli qarori bilan tasdiqlangan ““Garant bank” aktsiyadorlik jamiyati tizimida muammoli kreditlar bo‘yicha undirilgan mablag‘lar hamda bank balansiga qabul qilingan mulklarni realizatsiya qilish hisobidan xodimlarni mukofotlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan Bank xodimlariga muddati o‘tgan kredit qarzdorliklarini undirganliklari uchun qo‘shimcha rag‘batlantirishlar belgilangan.

Bundan tashqari, Bank tizimida NPL (muammoli aktivlar)ni undirish bo‘yicha “Eng faol filial” va “Eng faol xodim” nominatsiyalari bo‘yicha aktsiyalar o‘tkazilib kelinib, unda ixtiyoriy ravishda ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan xodimlarga pul mablag‘lari va qimmatbaxo sovg‘alar topshirildi.

Ularda ishtirok etish xodimlar tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshirilib, kredit qarzdorliklarini undirish jarayonida Bank xizmatlari iste'molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida Nizom (ro‘yxat raqami 3030-son, 2018 yil 2 iyul) talablariga to‘liq rioya etgan holda harakat qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Yuqoridagilarni hamda xodimlarning bu turdagi tadbirlarda ishtirok etishlari ularning ixtiyoriga zid ravishda amalga oshirilmasdan, balki xodimlar ixtiyoriy ravishda o‘z xizmatlarini taklif qilib, undiruv jarayonlarida ishtirok etganliklari sababli rag‘batlantirilganliklarini inobatga olgan holda, telegram kanalida qoldirilgan postdagi vajlar asossizdir.

Yangiliklar va voqealar

Barcha voqealar
beta-версия

So’rovnoma

Shartlarni yaxshilash va xizmatlarimizni siz uchun yanada qulay qilish uchun qisqa so’rovnomani to’ldirishga rozi bo’lsangiz, biz minnatdor bo’lamiz. Sizning fikr-mulohazalaringiz biz uchun juda muhim. Hurmat bilan, Garant bank.

So’rovnomani to’ldirish