Yangilandi: 30.09.2026

Garant bank va Toshkent menejment va iqtisodiyot instituti hamkorlik memorandumini imzoladi

Garant bank vakillari Toshkent menejment va iqtisodiyot instituti talabalari bilan uchrashib, «Muvaffaqiyatli biznes mahsulotini qanday yaratish mumkin: marketing, moliya va boshqaruv amaliyotda» mavzusida ma’ruza o‘tkazdi.

Uchrashuvda g‘oyaning qanday qilib to‘laqonli mahsulotga aylanishi, bu jarayonning turli bosqichlarida marketing, moliya va boshqaruv qanday o‘rin tutishi haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, mahsulotni bozorga chiqarishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Ma’ruzada ISIC vakili ham ishtirok etdi. U talabalarga xalqaro talabalik guvohnomasining imkoniyatlari, O‘zbekiston va xorijda taqdim etiladigan imtiyozlar haqida ma’lumot berdi. Ishtirokchilarga bank kartasi va xalqaro talabalik guvohnomasi funksiyalarini o‘zida birlashtirgan Garant bank’ning ISIC talabalar kartasi ham taqdim etildi. Kelgusida bunday kartalarni institut talabalari ham rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ladi.

Uchrashuv yakunida Garant bank va Toshkent menejment va iqtisodiyot instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur kelishuv kelgusida qo‘shma ta’lim va amaliy loyihalarni amalga oshirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Yangiliklar va voqealar

Barcha voqealar
Virtual qabulxona